MAYDALOVCHI PO‘LAT ZOLDIRLAR ISHLAB CHIQARISHDA KO‘P KIRIMLI ZOLDIR PROKATLASH VALOKLARIDAN FOYDALANISH
Abstrakt
Ruda va ma’danlarni maydalash uchun qo‘llanadigan maydalovchi po‘lat zoldirlar ishlab chiqarishda ish unumdorligini oshirish va zoldirlarning yeyilishbardoshligini yaxshilash masalasi muhim hisoblanadi. Bunda zoldirlarni prokatlashda qo‘llanadigan ko‘p kirimli zoldir prokatlash valoklari va zoldir prokatlash stani yo‘naltiruvchi lineykalarining ishlash jarayonini yanada takomillashtirish hamda resurs tejamkor texnologiyalar ishlab chiqish katta ahamiyat kasb etadi. Zoldirlarni prokatlash usuli orqali ishlab chiqarish jarayonida energiya va resurs tejamkor texnologiyalarni qo‘llash juda muhimdir.
Zoldir prokatlashda ish unumdorligini oshirish maqsadida zoldir prokatlashda qo‘llanadigan ko‘p kirimli zoldir prokatlash valoklarini kesuvchi kulachokli mexanizmlar yaratish va zoldir prokatlash stani yo‘naltiruvchi lineykasining yangi konstruksiyasini ishlab chiqish masalasi muammoning yechimini aniqlashning eng qulay usuli sanaladi. Shu bilan birga, zoldir prokatlashda qo‘llanadigan mexanizmlarning yangi konstruksiyalarini yaratish uchun ularni loyihalash va matematik modellarini ishlab chiqish zaruriy vazifalardan biridir. Ushbu maqolada maydalovchi po‘lat zoldirlarni issiqlayin prokatlash usuli orqali ishlab chiqarishning ish unumdorligini oshirish maqsadida ko‘p kirimli zoldir prokatlash valoklaridan foydalanish masalasi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ilmiy izlanishlarning nazariy yechimlari va amaliy sinov natijalari tahlili keltirilgan.
Shuningdek, o‘rganilayotgan masalaning yechimlarini aniqlash diametri 50 mm bo‘lgan maydalovchi po‘lat zoldirlarni prokatlash uchun olti kirimli zoldir prokatlash valoklaridan foydalanish va zoldir prokatlash stani yo‘naltiruvchi lineykalarining yangi konstruksiyasini yaratish orqali hal qilingan.