TUT IPAK QURTI NOZEMATOZ KASALLIGI QO‘ZG‘ATUVCHISIGA ANTIBIOTIKLAR TASIRINI O‘RGANISH
Abstrakt
Tut ipak qurtining nozematoz kasalligi bilan kurashish juda qiyin, chunki kasallik nasldan naslga o‘tadi. Ipakchilikda eng katta muammolardan biri – bu samarali profilaktika chora-tadbirlarini yaratish. Mazkur tadqiqotning maqsadi tut ipak qurti kasalliklari erta aniqlanganda, nozematoz kasalligiga yangi avlod antibiotiklari ta'sirini aniqlash, organizmdagi qo‘zg‘atuvchi o‘sishini to‘xtatish, qurt boqish jarayonida qurtlarning nobud bo‘lishi va pilla hosilini saqlab qolishdir. Tadqiqotlarda zamonaviy preparatlar – antibiotiklarning turli kontsentratsiyalari sinovdan o‘tkazildi. Tadqiqotlar turli fazalarda olib borildi: tut ipak qurtining qurtlik davrida, barglarga preparatlarni purkab berish va urug‘lik davrida, kam zararlangan urug‘larga eritmalarda ishlov berish orqali. Kasallanish darajasi qiyoslovchi variantlarga qaraganda 33,5 % ni tashkil etgan. Qurtlar V yoshning dastlabki besh kunida antibiotiklar bilan ishlov berilgan barg bilan boqilishi natijasida zararlanish ekstensivligi 9,5-18,0 absolyut foizga kamaygani aniqlandi. Eng ko‘p kasallanish darajasining pasayishi Sinurol 1,2 mln birl., Sinurol 2,4 mln birl., Metronidazol (750 va 500 mg), Siprofloksatsin (250 mg) preparatlari ishlatilgan variantlarida 14,0-18,0 abs. foizligi kuzatildi. Olingan natijalar adabiyotdagi ma'lumotlarga to‘g‘ri keladi, antibiotiklar sodda parazit hayvonlarni nobud qilish xususiyatiga ega. Ipak qurti nozematoz kasalligi esa shular jumlasiga kiradi.