TUT IPAK QURTI JINSINI BOSHQARISH VA F1 DURAGAY AVLODIDA TEXNOLOGIK KO‘RSATKICHLAR O‘ZGARISHI
Abstrakt
Maqolada tut ipak qurti jinsining tuxum rangi bo‘yicha nishonlangan yangi tizimlari va oddiy tizimlar ishtirokidagi duragaylarning texnologik ko‘rsatkichlari tahliliga oid ma'lumotlar keltirilgan. 8 xil duragay kombinatsiyalaridagi jinsni boshqarish imkonini beruvchi translokatsiya birinchi avlod duragaylarining xom ipak chiqishi, tolaning umumiy uzunligi, tolaning metrik nomeri va boshqa texnologik belgilariga ta'siri o‘rganilgan. Olingan natijalarga ko‘ra, tolaning umumiy uzunligi 1387-1858 m oralig‘ida bo‘lib, qiyoslovchi duragaylarda esa mos ravishda 1562 m va 1325 m ni tashkil etgan. Eng ahamiyatli belgilardan biri bo‘lgan ipak tolasining metrik nomeri yangi duragay kombinatsiyalarida 3195-3690 m/g ko‘rsatkichga ega bo‘lgan. Xorij duragayining texnologik ko‘rsatkichlari bilan taqqoslaganda, yangi duragaylar ipak tolasining sifati pillani qayta ishlash korxonalari talabiga javob berishi aniqlandi. Tut ipak qurti yangi duragay kombinatsiyalarining yaratilishi va ularning urug‘chilik korxonalarida joriy etilishi natijasida sanoat urug‘larining 100 % duragayligi ta'minlanadi hamda ulardan olinadigan ipak tolasi sifati oshishiga erishiladi.