O‘ZBEKISTONDA ILMIY TADQIQOT ETIKASI
Abstrakt
Bugungi kunda O‘zbekistonda ilm-fan, ta'lim va raqamli iqtisodiyot masalalariga katta e'tibor qaratilmoqda. Shu ma'noda etikaning muhim tarmog‘i bo‘lgan ilmiy tadqiqot etikasiga (ITE) e'tiborli bo‘lish davr talabidir. Ilmiy tadqiqot etikasi nafaqat ma'muriy qoidalar, balki olimlarning ilmiy faoliyatida rioya qilinadigan, fan rivojlanishini ta'minlaydigan axloqiy tamoyil va tushunchalar to‘plamidir. Yurtimizda bu borada qilinishi kerak bo‘lgan ishlar talaygina. Ushbu maqolada bugungi kunda O‘zbekistonda oliy ta'lim muassasalari, ilmiy tekshirish institutlari va umuman, ilmiy izlanuvchilar faoliyatida ilmiy tadqiqot etikasining ahamiyati va zarurati borasida fikr yuritilgan. Shuningdek, ilmiy tadqiqot etikasi kengashining vazifalari va ITEning asosiy tamoyillari keltirilgan. Bu borada dastlabki bosqichda amalga oshirilishi kerak bo‘lgan ishlar xususida takliflar berilgan.