GRUNTLARNING SEYSMIK XUSUSIYATLARI BO‘YICHA YANGI TASNIFLANISH VERSIYASI
Abstrakt
Maqolada qurilish maydonlaridagi seysmiklikni baholashda gruntlarning turli xil parametrlari ta'siri ko‘p yillik injener-geologik, makroseysmik va geofizik tadqiqot natijalari (1991–2019 yy.) bilan umumlashtirildi. Bugungi kun amaliyotida qurilish maydonlaridagi bino va inshootlarning seysmik holati gruntlar turlari va ularning fizik-mexanikaviy ko‘rsatkichlari hamda seysmik xususiyatlariga qarab belgilanmoqda. Jumladan, maydonda III kategoriya grunti bo‘lsa, seysmiklik 1 ballga ortadi, aksincha, I kategoriya grunti bo‘lsa, 1 ballga kamayadi. Gruntlar seysmik xususiyatlariga ko‘ra, kategoriyalari bo‘lish tasdiqlangan qurilish me'yori asosida ajratilgan. Amaldagi O‘zbekistonning «Qurilish me'yori va qoidalari» (2.01.03-96 1.1-jadval) ba'zi bir noaniqliklardan, ya'ni grunt xususiyatlarni belgilashdagi xatoliklar, seysmik ballni aniqlashdagi yanglishishlar, tashqi muhit ta'sirining hisobga olinmaganligi va boshqalardan iborat bo‘lganligi sababli amaldagi tasnif mukammal emas. Ko‘ndalang to‘lqin tarqalish tezligi gruntlarda seysmik qattiqligi va mustahkamligining fizik-mexanikaviy xususiyatlariga ko‘ra asosiy ko‘rsatkichlari aniqlandi. Gruntlarning bino va inshootlarga nisbatan quyida qayd etilgan kamchiliklarini hisobga olgan holda grunt kategoriyalarini 4 ta turga ajratish asoslab berildi va maqolada tasnifning yangi versiyasi seysmik xususiyatlariga ko‘ra ishlab chiqildi.