KORXONALARNING INVESTITSION FAOLLIGIGA SOLIQ MEXANIZMINING TASIRI
Abstrakt
Mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi, barqaror iqtisodiy o‘sishga erishishi, aholi daromadlarining oshishi, turmush sharoitining yaxshilanishi investitsiyalarning hajmi va faolligiga bevosita bog‘liq. Jahonda mamlakatlar o‘z milliy iqtisodiyotiga investitsiya mablag‘larini jalb etishning jozibador muhitini shakllantirishga qaratilgan siyosatni muntazam amalga oshirib bormoqdalar. Korxonalarning investitsion faolligiga soliq imtiyozlari va soliq yukining ta'siri moliyaviy ahamiyatga ega bo‘lib, davlatlar tomonidan amalga oshirilayotgan samarali soliq islohotlari investitsiyalarni rag‘batlantirishga xizmat qiladi. Mazkur maqolada investitsiyalar faolligini oshirishga soliq mexanizmining ta'siri va soliqlar vositasida rag‘batlantirish yo‘llari tanqidiy tahlil qilingan. Bunda korxonalar tomonidan to‘lanadigan soliqlarning korxona xarajatlariga ta'siri, mamlakatga kiritilayotgan investitsiyalar miqdori, korxonalarning investitsion faolligiga salbiy ta'sir ko‘rsatayotgan omillar ekonometrik usullar orqali o‘rganilgan. Jumladan, o‘tkazilgan tahlillarda asosiy faoliyati ishlab chiqarish bo‘lgan va investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar ma'lumotlariga asosan regression va korrelyatsion usullardan foydalanilgan holda natijalar olindi. Bunda korxonalar tomonidan to‘langan soliqlar korxonalarning jami xarajatlariga ta'siri yuqori darajada ekanligi aniqlandi. Shuningdek, respublikamizda byudjetning soliq daromadlari yalpi ichki mahsulotga nisbatan tahlil qilinganda, teskari bog‘liqlik, ya'ni soliq daromadlari kamayganda, investitsiyalar hajmi oshganligi kuzatildi. Tadqiqot natijasida investitsion faollikni rag‘batlantirish bilan bir vaqtda byudjet barqarorligini ta'minlash maqsadida soliq kodeksiga soliq krediti amaliyotini joriy etish, mamlakatda xufyona (yashirin) iqtisodiyot hajmini kamaytirish, asosan, innovatsiyalarga kiritiladigan investitsiyalarni rag‘batlantirishni kuchaytirish, soliq hisoboti shakllarini soddalashtirish takliflari ishlab chiqildi.