GRAVIQIDIRUV MA’LUMOTLARINI MIQDORIY TALQIN QILISH MAQSADIDA O‘QUV DASTURIY TA’MINOT ISHLAB CHIQISH
Abstrakt
Ta’lim inson hayotining ajralmas qismi bo‘lib, ayni paytda ushbu sohaga axborot texnologiyalarini joriy qilish, dasturiy va texnik vositalardan (kino, audio va video uskunalar, kompyuterlar, telekommunikatsiya tarmoqlari) foydalanish o‘quv jarayonini jadallashtirish, uni qulaylashtirish, o‘quvchilarning fanni o‘rganishga bo‘lgan qiziqishini oshirish, dars tezligi va mustaqil ish hajmini oshirishga imkon beradi. Bu esa, o‘z navbatida, o‘quvchi va talabalarning mantiqiy fikrlash, aqliy mehnat madaniyati hamda mustaqil ishlash ko‘nikmalarini shakllantirishga xizmat qiladi. Shu munosabat bilan bir guruh yoshlar jamoasi geologiya sohasida ta’lim oluvchi talabalarga geofizikaning graviqidiruv usulini chuqurroq o‘rgatish maqsadida amaliy mashg‘ulotlarning o‘quvkompyuter dasturini ishlab chiqishdi. Gravimetrik ma’lumotlar hududlarning chuqurlik bo‘yicha geologik tuzilishi hamda foydali qazilma konlari haqida qimmatli ma’lumotlar manbayi hisoblanadi. Bu ma’lumotlarni sifatli talqin qilish va usulni samarali qo‘llash yer osti tuzilmalarni zichligiga ko‘ra modellashtirish imkonini beradi. Dastur talabalarga tanlash usuli, graviqidiruvning aniqlik darajasi, to‘g‘ri va teskari masalalar yechimi hamda imitatsion modellashtirish haqida kerakli gʻoyalar olishga ko‘maklashadi. Dastur Windows oilasi (7/8.1/10/11) operatsion tizimida ishlovchi barcha brauzerlardan foydalanish uchun mo‘ljallangan. Amaliy mashg‘ulotlarning dasturi bepul bo‘lib, undan kirish brauzer sahifasidan ro‘yxatdan o‘tish orqali foydalaniladi.