LALMIKOR MAYDONLAR UCHUN KUZGI YUMSHOQ BUG‘DOYNING SUVSIZLIKKA CHIDAMLI NAV VA TIZMALARI SELEKTSIYASI
Abstrakt
Bugungi kunda yer yuzida sodir bo‘layotgan global iqlim o‘zgarishlari respublikamiz hududida yetishtirilayotgan qishloq xo‘jaligi ekinlari hosildorligi va sifatiga o‘z salbiy ta'sirini ko‘rsatmoqda. Ayniqsa, so‘nggi yillarda ob-havoning keskin o‘zgarishi, ketma-ket qurg‘oqchilik bo‘lishi, yillik yog‘in miqdorining o‘rtacha ko‘p yillik yog‘in miqdoriga nisbatan ancha kam bo‘layotgani, bahor oylari oxirida kuzatilayotgan kuchli issiq harorat lalmikor maydonlar sharoitida yetishtirilayotgan kuzgi yumshoq bug‘doy o‘sishi va rivojlanishi, don hosildorligi va uning sifatiga jiddiy zarar yetkazmoqda. Yuqoridagilarni inobatga olib, lalmikor maydonlar tuproq iqlim sharoitiga mos bo‘lgan, suvsizlikka chidamli kuzgi yumshoq bug‘doyning (Triticum aestivum L.) yangi nav va tizmalarini tanlash ilmiy tadqiqoti davomida 35 ta nav va tizmalar sinovdan o‘tkazildi. Tadqiqot o‘tkazilgan mintaqaning ob-havo sharoitlari ma'lumotlari bilan nav va tizmalar xususiyatlari taqqoslab baholandi. Tadqiqot davomida kuzgi yumshoq bug‘doyning rivojlanish fazalari, biometrik ko‘rsatkichlari, hosildorlik elementlari, don sifat ko‘rsatkichlari, o‘suv fazalarida bargdagi xlorofill miqdori, normallashtirilgan farq vegetatsiya indeksi (NDVI – Normalized Difference Vegetation Index) kabi ko‘rsatkichlari baholanib, qimmatli xususiyatlari yuqori bo‘lgan tizmalar tanlab olindi.