KANALLARNI BETONLASHNING IQTISODIY SAMARADOR GIDRAVLIK PARAMETRLARI
Abstrakt
Sug‘oriladigan maydonlarni suv bilan ta'minlashda sug‘orish kanallarining vazifasi alohida ahamiyat kasb etadi. So‘nggi yillarda O‘rta Osiyo mintaqasida qurilgan sug‘orish kanallarida deformatsion jarayonlar salbiy tus olmoqda. Natijada ularning gidravlik parametrlari o‘zgarib, ustuvorligi pasayib bormoqda. Ochiq o‘zanlardagi deformatsion jarayonlar hamda sug‘orish kanallarini loyihalash bo‘yicha shu kungacha bajarilgan tadqiqotlar natijalari ushbu sohada salmoqli ishlar mavjudligini ko‘rsatmoqda. Sug‘orish kanallarining statik va dinamik mustahkamligini ta'minlash, kanalning foydali ish koeffitsiyentini oshirish bugungi davrga kelib kanallarni beton qoplamalar bilan qoplashni taqozo etmoqda. Kanallarni betonlashda iqtisodiy xarajatlarning yuqoriligi ushbu jarayonni amalga oshirishda bir qator muammolarni yuzaga keltirmoqda. Betonlashda qorishma beton sarfini kamaytirish mazkur jarayonda muammoning optimal yechimidir. Maqolada beton kanallarni gidravlik eng qulay kesim shartlari asosida loyihalash usuli taklif etilgan. Taklif etilgan usul bo‘yicha kanallarni qurishda beton xomashyosi sarfi 36 %ga tejalishi va shu bilan birgalikda qurilgan kanalning dinamik mustahkamligi (loyqa uzatish qobiliyati bilan baholanganda) 26 %ga oshishi asoslangan. Tadqiqotlar natijalarining ishonchliligi amaliyotda qo‘llaniladigan formulalar yordamida tekshirilgan.