BOSHQARILUVCHAN CHIQISH KUCHLANISHLI TOK O‘ZGARTKICHLARINING DINAMIK TAVSIFLARI
Abstrakt
Ushbu maqolada asinxron motor reaktiv quvvatini nazorat qilish va boshqarish uchun boshqariluvchan chiqish kuchlanishli tok o‘zgartkichidan foydalanildi. Tok o‘zgartkichining ishonchliligi, sezgirligi, o‘lchash aniqlik va xatoliklarining dinamik tavsiflari Simulnik dasturidan foydalanilgan holda olindi. Tok o‘zgartkichlari, asosan, asinxron motor elektr ta’minoti tizimining normal barqaror ish rejimi davrida ishlaydi. Bu rejimda ba’zi shartli chegaralar bilan tok o‘zgartkichlarini tadqiq etishda kirish tokining minimal va maksimal qiymatlari qabul qilinadi, buning uchun aniqlik sinfi (0,1‒1,2)∙Inom deb olinadi. Elektr jihozlar va tarmoqlardagi shikastlanishlar asinxron motor elektr ta’minoti tizimining halokatli ish rejimiga olib keladi. Bu holda tok o‘zgartkichlari dinamik rejimda ishlaydi. Asinxron motorda qisqa tutashuvlar elektromagnit tok o‘zgartkichlarining dinamik rejimlarda ishlashiga olib keluvchi asosiy sababdir. Elektromagnit tok o‘zgartkichlarining bunday rejimda ishlashi boshqaruv tizimi sxemalaridagi ishlash shartlaridan sezilarli farq qiladi. Agar elektromagnit tok o‘zgartkichlari o‘lchov maqsadida ishlatilsa, odatda, nominaldan oshmagan birlamchi tokda ishlashi talab etiladi. Bunda asinxron motorning boshqaruv tizimlarida qo‘llanuvchi elektromagnit tok o‘zgartkichlari nominaldan ancha katta toklarda, o‘tish rejimi sharoitlarida, masalan, qisqa tutashuv va shikastlanish hollarida o‘z funksiyalarini bajarishi shart.