NASOS AGREGATLARIDA ASINXRON MOTORNING OʻTISH JARAYONLARIDAGI ENERGIYA TEJAMKORLIK MASALALARINI MATEMATIK MODEL ORQALI TADQIQ ETISH
Abstrakt
Ushbu maqolada sanoat korxonalari va aholi punktlari suv ta’minoti tizimida qoʻllaniladigan nasos agregatlarida chastota oʻzgartgich orqali rostlanadigan asinxron motorlarning oʻtish jarayonlari batafsil ko‘rib chiqilgan, energiya tejamkor ish rejimlari chuqur tadqiq etilib, matematik modellashtirish natijalari olingan. Chastotali rostlanadigan asinxron motorlarning oʻtish jarayonlari tadqiqot predmeti sifatida tanlangan boʻlib, unda kuzatiladigan kamchiliklarga chuqur matematik analiz orqali yechim topish maqsad qilindi. Shu vaqtgacha ushbu sohada olib borilgan ishlar, asosan, chastotali rostlash usuli statik momenti past boʻlgan meliorativ quvurlar tizimida olib borilganligi hamda olingan natijalar va qoʻllanish usullari har doim ham statik momenti yuqori boʻlgan sanoat korxonalari quvurlar tizimiga toʻgʻridan-toʻgʻri tatbiq etib boʻlmasligi hisob olinsa, mazkur ishning dolzarbligi yanada oshadi. Tadqiqot metodi sifatida amalda mavjud nasos agregatlarini boshqarish usullarining oʻziga xos jihatlari oʻrganilgan. Asinxron motor oʻtish jarayonlarining matematik modeli quvurda hosil boʻladigan statik qarshilik va ishqalanish momentini hisobga olib, Kramer usulidan foydalanilgan holda tuzilgan. Asinxron motor dinamik xarakteristikasida tebranishli jarayon hisobga olingan va matritsalar tuzilgan hamda yakuniy yechimga olib kelingan.
Ishning natijasi sifatida asinxron motor stator chulgʻamining har bir fazasida roʻy beradigan oʻtish jaroyonlarining tebranish holatini hisobga olgan holda, matematik ifoda va ushbu funksiya grafi gi hosil qilingan. Olingan natijalarni kelgusida statik bosimi yuqori quvurlar tizimida energetik quvvati 100 kW dan past boʻlgan nasos agregatlarida chastotali rostlash va uning energiya samaradorligini oshirishda qoʻllash mumkin. Tadqiqot yakunida tajriba olib borilgan sanoat korxonalarining yuqori statik momenti mavjud quvurlar tizimida chastotali rostlash usulidagi elektromexnik oʻzgartirish parametrlari tahlil qilinib, asinxron motorlarning energetik koʻrsatkichlari aniqlandi