6-10/0,4 KV KUCHLANISHLI KUCH TRANSFORMATORLARIDA KUCHLANISHNI AVTOMATIK KONTAKTSIZ ROSTLASH QURILMASINI JORIY ETISH MASALALARI
Abstrakt
Elektr va kuch transformatorlarida kuchlanish miqdori xalqaro GOST 32144-2013 me’yoriy hujjatlarida belgilangan qiymatlardan og‘ishi elektr iste’molchilar va qurilmalarning xizmat ko‘rsatish muddati kamayishi hamda ularning tez ishdan chiqishiga sabab bo‘lmoqda. Zamonaviy energetika tizimida foydalanilayotgan 6-10/0,4 kV kuchlanishli kuch transformatorlarida hosil bo‘ladigan kuchlanish og‘ishi holatlarini aniqlash, ularni kamaytirish usullarini tatbiq qilish va uzoq muddat ekspluatatsiyadagi kuch transformatorlarining ishlash ishonchliligini oshirish hamda kuch transformatorlarida kuchlanish og‘ishi natijasida kelib chiqadigan nuqsonlarni kamaytirish uchun kuchlanishni rostlovchi qurilmalarni takomillashtirish zaruriy chora-tadbirlardan biridir.
Ekspluatatsiyadagi elektr tarmoqlarida kuchlanish og‘ishini bartaraf etish bo‘yicha bir qancha usul va qurilmalardan foydalanilmoqda. Ayniqsa, kuchlanishni markazdan rostlash usuli past va kuchlanishli elektr tarmoqlarida ommalashgan. Kuch transformatorlarida kuchlanishni rostlovchi qurilmalar joriy etilishi (markazdan rostlash usuli) qolgan usullarga qaraganda ancha samarador hisoblanadi. Ilmiy tahlillar natijasida hozirgi kunda ekspluatatsiyada foydalanilayotgan mexanik kontaktli kuchlanishni rostlash qurilmalarining bir qancha kamchiliklari aniqlandi. Rostlash jarayonida mexanik kontakt qismida elektr yoyi hosil bo‘lishi va yoy ta’sirida transformator moyining kuyishi hamda buning natijasida moyning izolatsiya darajasining kamayishi shular jumlasidandir.
Bundan tashqari, PBV kabi mexanik kontaktli kuchlanishni rostlash qurilmasidan foydalanish natijasida tarmoqda kuchlanishni faqat mavsumiy davrlarda rostlash mumkinligi ham kuchlanish og‘ishini bartaraf etishdagi asosiy kamchiliklardan sanaladi. Ushbu maqolada ekspluatatsiyadagi kuch transformatorlarida mavjud kuchlanishni rostlovchi qurilmalardagi kamchiliklarni aniqlash va kuch transformatorlarida kuchlanishni avtomatik kontaktsiz rostlash qurilmasini joriy etish masalalari atroflicha ko‘rib chiqilgan. Ilmiy tadqiqot o‘tkazish uchun ishlab chiqilgan tajriba namunasida eksperiment olib borish hamda olingan natijalarni xalqaro GOST 32144-2013 me’yoriy hujjatlarida belgilangan qiymatlariga solishtirish ishlari amalga oshirilgan