CHASTOTA TA’SIRINI TAHLIL QILISH (FRA) USULI YORDAMIDA O‘LCHOV NATIJALARINI SHARHLASH USULLARI TADQIQI
Abstrakt
Ushbu maqolada chastota ta’siri tahlili usuli yordamida kuch transformatorlarini diagnostikalashdan olingan o‘lchov natijalarini sharhlash usullari tahlil qilingan. Olingan natijalarni sharhlashda sonli ko‘rsatkichlar, ularning mohiyati ochib berilgan va qanday shikastlanishlarda qaysi sonli ko‘rsatkichlarni qo‘llab sharhlash yuqori natija berishi keltirib o‘tilgan.
Ma’lumotlarni to‘plashda Google akademiya, eLIBRARY, ProQuest, ELSEVER, IEEE Xlopre, ResearchGate va boshqa qidiruv tizimlarining manbalaridagi so‘nggi 20 yilda nashr etilgan chastota ta’siri tahlili usuli hamda sonli ko‘rsatkichlarga aloqador bo‘lgan eksperimental va tahliliy maqolalardan foydalanilgan.
Ekspluatatsiyadagi kuch transformatorlaridan chastota ta’siri tahlili usuli yordamida olingan o‘lchov natijalarini sharhlashda grafik qurish va sonli ko‘rsatkichlarni qo‘llash masalalari ko‘rib chiqilgan. Chastota ta’siri tahlili usulida sinovlar olib borish uchun qo‘llaniladigan standart ulanish sxemalari orasida radial deformatsiya, o‘ramlar tutashuvi va o‘zak yerlashishi yo‘qolishiga nisbatan boshidan oxirigacha ochiq zanjir sxemasi samarali bo‘lsa, o‘qiy deformatsiya, o‘tkazgichning qiyshayishi va o‘qiy disk burilishi shikastlanishlarini aniqlashda chulg‘amlararo sig‘im sxemasi aniqlik darajasi yuqori hisoblanadi. Ushbu tadqiqot ishi kelgusi kuch transformatoridagi mexanik shikastlanishlarni aniqlash va diagnostikalash bo‘yicha olib boriladigan ilmiy tadqiqotlar uchun foydali manba bo‘ladi.