TORMOZ USTQUYMALARI VA SHINALAR YEYILISHI NATIJASIDA ATROF-MUHITGA CHIQADIGAN ZARRALAR TAQSIMLANISHINI IGEO INDEKSI BOʻYICHA BAHOLASH
Abstrakt
Ushbu maqolada avtomobillar harakatlanishi natijasida tormoz ustquymalari va shinalar yeyilishidan chiqadigan zararli zarralarning miqdorini aniqlashda respublika va xorijiy tadqiqotlar natijalari, gʻildirakning yoʻl bilan ilashish koeffitsiyentiga bogʻliq izlanishlar tahlili keltirilgan. Hisob-kitoblarni amalga oshirishda ma’lum bir hududdagi transport vositalarining sonini hisobga olish kerak. Avtomobillar harakatlanishi jarayonida tormoz ustquymalari va shinalar yeyilishi natijasida atrof-muhitga chiqadigan zarralar miqdorini gʻildirakning yoʻl bilan ilashish koeffitsiyentini hisobga olgan holda aniqlash usullari bayon qilingan. Avtomobillarning tormoz ustquymalari va shinalarning resurs davri gʻildirakning yoʻl bilan ilashish koeffitsiyentiga bogʻliq holatda oʻzgarishi inobatga olinib, ularning atmosferaga chiqaradigan zarralari miqdori nazariy jihatdan hisoblangan. Maqolada keltirilgan hisob-kitoblar Jizzax viloyati misolida amalga oshirilgan. Yoʻl chorrahalarida avtomobil tormoz ustquymalari va shinalar yeyilishi natijasida atrof-muhitga chiqadigan zarralar taqsimlanishini IGEO indeksi boʻyicha aniqlash orqali ularni kamaytirish choralari ishlab chiqilgan. Avtomobil yo‘llari uchun asfalt-beton qoplamali yo‘llarni yo‘l qoplamasi modifikatori sifatida ishlatilgan shinalar kauchukining granulalaridan foydalangan holda qurish tavsiya etiladi. Bu esa tirbandlik yuqori bo‘lgan chorrahalarda g‘ildiraklar yo‘l bilan aloqa qilganda, tortishish koeffitsiyentini oshiradi.