FILTRATSIYA JARAYONINING GRUNTLI TO‘G‘ONLARGA TA’SIRINI BAHOLASH
Abstrakt
Ushbu maqolada filtratsiya jarayonining gruntli to‘g‘onlarga ta’siri hamda ushbu holatlarning suv ombori ish rejimiga bog‘liqligi bo‘yicha izlanishlar tahlili keltirilgan. Hozirgi kunda O‘zbekistonda 70 ga yaqin suv omborlari mavjud bo‘lib, ulardan qariyb 95 foizi gruntli to‘g‘onlar orqali boshqariladi. Mazkur suv omborlaridagi asosiy dolzarb muammolardan biri to‘g‘on tanasidan bo‘ladigan filtratsiya jarayoni hisoblanadi. Albatta, ushbu gidrotexnik inshootlardan foydalanish davrida to‘g‘on tanasidagi filtratsiya depressiya egri chizig‘ini aniq yuritish va ularning to‘g‘on tanasiga ta’sirini o‘rganish alohida ahamiyat kasb etadi. Ushbu jarayonni o‘rganish maqsadida tabiiy dala tadqiqotlari olib borilgan va tadqiqot obyektining ko‘p yillik ma’lumotlari statistik tahlil qilingan.
Chimqo‘rg‘on suv ombori to‘g‘oni tanasidan bo‘ladigan filtratsiya depressiya egri chizig‘i o‘zgarishini aniqlashda suv ombori to‘g‘onining PK-40 dagi p’ezometrlarida o‘lchangan (2015-yildan 2023-yilgacha) ma’lumotlardan foydalanilgan. Tabiiy dala tadqiqotlarida olingan natijalar, zamonaviy axborot texnologiyalaridan biri hisoblangan “Midas GTS NX” dasturida qayta ishlangan hamda dastur va dala tadqiqotlarida aniqlangan natijalar o‘zaro taqqoslangan. Tabiiy dala tadqiqotlari va Midas GTS NX dasturida olingan natijalar taqqoslanganda, suv ombori to‘g‘onidan bo‘layotgan filtratsiya jarayoni jadalligiga, asosan, inshoot zaminidan bo‘layotgan filtratsiya suvlari ta’sir ko‘rsatayotgani ma’lum bo‘ldi. Bunga sabab to‘g‘onning PK-40 piketi suv ombori loyihasi orqali tekshirilganda, oldingi daryo o‘zaniga to‘g‘ri kelishidir.