SUYUQ MUHITLARNING KINEMATIK QOVUSHQOQLIGI MILLIY BOSHLANG‘ICH ETALONINI ISHLAB CHIQISH VA METROLOGIYA TAVSIFLARINI TADQIQ QILISH
Abstrakt
Ushbu maqolada O‘zbekiston Respublikasi metrologik taʼminotining etalonlar bazasini modernizatsiyalash dolzarbligi tadqiq etilgan; yangi etalon ishlab chiqish bo‘yicha olingan natijalar va ulardan kelib chiqadigan ilmiy-amaliy xulosalar bayon qilingan; suyuq muhitlarning muhim sifat va xavfsizlik ko‘rsatkichlaridan biri bo‘lgan kinematik qovushqoqlikni yuqori metrologik aniqlikda o‘lchash masalalari ko‘rib chiqilgan. Muallifning taʼkidlashicha, ishchi o‘lchash vositalarini kalibrlash orqali o‘lchash natijalarining metrologik kuzatuvchanligi o‘rnatiladi. Аsosiy eʼtibor tajriba-sinov ishlari natijalarini tahlil qilish, qurilmani verifikatsiyalash, laboratoriya ichidagi va laboratoriyalararo solishtiruv sinovlarini o‘tkazish hamda qovushqoqlikning metrologik kuzatuvchanligini o‘rnatilgan standart namunalar (sertifikatlangan suyuqlik) bilan taqqoslashga qaratilgan. Tajribalar o‘lchash qurilmasining metrologik yaroqliligini baholash maqsadida o‘tkazilgan. Shu bilan birga, qovushqoqlikning suyuq muhit harorati va zichligi kabi omillarga yuqori sezuvchanligini o‘rganish asosida korrelyatsion tahlil olib borilgan.
Nazariy va tajriba-sinov tadqiqotlari natijalarini o‘lchov vositasining metrologik xossalarini kalibrlash jarayonida qo‘llash va tijoratlashtirishga yaroqliligi tasdiqlandi. Bugungi kunda kinematik qovushqoqlik birligi milliy boshlang‘ich eta-loni davlat metrologiya xizmatida qo‘llanib, yuqori darajada tijoratlashtirilgan.
Ishlab chiqilgan o‘lchash vositasi korxona va tashkilotlarning ishchi vizkozimetrlarini keng haroratlar oralig‘ida va qovushqoqlik shkalasining o‘lchash diapazonida metrologik tadqiq qilish imkoniyatini yaratdi. Buning natijasida ISO/IEC 17025:2017 xalqaro standartiga muvofiq, akkreditlangan laboratoriyada kalibrlash ishlari bajarilib, tayanch qiymatdan og‘ish hamda kengaytirilgan o‘lchash noaniqligini baholash amalga oshirilmoqda. Taklif qilingan yondashuvga ko‘ra, o‘lchashning kengaytirilgan noaniqligi 95 % qamrab olish ehtimolini ta’minlovchi normal taqsimotga mos holda, o‘lchashning standart noaniqligini qamrab olish koeffitsiyenti k = 2 ga ko‘paytirish orqali baholanadi. Standart noaniqlik GUM va COOMET R/ GM/32:2017 larga muvofiq aniqlandi.