SUN’IY NEYRON TO‘RLI INTELLEKTUAL BOSHQARISH ASOSIDA QURITISH JARAYONINING ROSTLASH TIZIMINI ISHLAB CHIQISH
Abstrakt
Quyosh quritgichlari qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini tabiiy sharoitda samarali quritish uchun mo‘ljallangan ekologik va energiya tejamkor quritish tizimlaridan biridir. Ushbu qurilmalar quyosh energiyasidan foydalangan holda, mahsulotdagi namlikni optimallashtiradi va mahsulot sifatini saqlab qolishga yordam beradi. Biroq quyosh quritgichlarining samaradorligi atrof-muhit harorati, quyosh radiatsiyasi va havo oqimi kabi tashqi omillarga bog‘liq bo‘lib, ushbu parametrlarni real vaqt rejimida boshqarish muhim hisoblanadi. An’anaviy PI rostlagichlar bunday o‘zgaruvchan sharoitlarda yetarli darajada samarali bo‘la olmaydi, chunki ularning rostlanish vaqti uzoq va ortiqcha chetlashishlar yuqori bo‘ladi. Mazkur tadqiqotda quyosh quritgichlarining samaradorligini oshirish uchun sun’iy neyron to‘rlarga asoslangan bashoratli boshqarish tizimi ishlab chiqildi va uning ishlash natijalari PI rostlagich bilan solishtirildi. MATLAB R2014a dasturining Simulink dasturiy paketida quritish jarayonining matematik modeli ishlab chiqilib, turli boshqarish usullari bo‘yicha kompyuter simulyatsiyalari amalga oshirildi. Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatdiki, bashoratli neyrorostlagich bilan boshqarilgan tizimning rostlanish vaqti 160 sekundni tashkil etib, an’anaviy PI rostlagich bilan boshqarilgan tizimga nisbatan 36 % tezroq natijaga erishildi (PI rostlagich uchun rostlanish vaqti 250 sekund). Shuningdek, neyroboshqarish tizimi haroratni ±1,2 °C aniqlikda barqaror ushlab turish imkonini berdi, bu esa PI rostlagichga qaraganda sezilarli darajada yuqori aniqlikka ega ekanligini ko‘rsatdi. Natijalar shuni tasdiqlaydiki, sun’iy neyron to‘rlarga asoslangan boshqarish tizimi quyosh quritgichlarining barqaror ishlashini ta’minlash, energiya sarfini optimallashtirish va mahsulot sifatini oshirishda muhim rol o‘ynaydi. Ushbu usul qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini quritish texnologiyalarini avtomatlashtirish va ekologik jihatdan samarali qilish imkonini beradi. Olingan natijalar ushbu tizimni sanoat miqyosida keng joriy etish istiqbollarini ko‘rsatadi.