AVVALDAN O‘QITILGAN ILG‘OR KONVOLYUTSION NEYRON TARMOQLARI HAMDA YAXSHILANGAN FER-2013 MA’LUMOTLAR TO‘PLAMI YORDAMIDA YUZ HISSIYOTLARINI ANIQLASH
Abstrakt
Insonning yuz tasviridan hissiyotlarni aniqlash inson-kompyuterning
o‘zaro ta’siri, xavfsizlik tizimlari, ruhiy salomatlik monitoringi va aqlli tizimlar uchun muhim yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. Ayniqsa, inson-kompyuterning o‘zaro ta’siri yo‘nalishida humanoid robotlar ishlab chiqishda robotning hissiyotlarni anglab, unga mos tarzda muloqot qilishi muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois hissiyotlarni aniqlash tizimlarini yaratish kompyuter ko‘rish va chuqur o‘rganishning muhim masalalaridan biridir. Ushbu tadqiqotda inson yuz tasviridan hissiyotlarni aniqlash uchun avvaldan o‘qitilgan mashhur konvolyutsion neyron tarmoqlarini yaxshilangan FER-2013 ma’lumotlar to‘plamida o‘qitish orqali samarali yondashuv taklif etildi. Tadqiqot davomida ilg‘or konvolyutsion neyron tarmoqlari yordamida hissiy holatni aniqlash vazifasi samaradorligi o‘rganilib, oldindan o‘qitilgan mashhur arxitekturalar – ResNet-50, VGGNet-16, DenseNet-121 va EfficientNet-B0 modellarining yuz ifodalarini aniqlash bo‘yicha natijalari tahlil qilindi. Tadqiqotda FER-2013 ma’lumotlar to‘plamining yaxshilangan va to‘ldirilgan versiyasidan foydalanildi. Ma’lumotlarni qayta ishlash jarayonida yuz ifodalari orasidagi muvozanat buzilishi, sifati past rasmlar va noto‘g‘ri belgilangan (labeling) tasvirlar aniqlanib, ularni tuzatish ishlari amalga oshirildi. Shuningdek, overfitting muammosini kamaytirish maqsadida ma’lumotlarni kengaytirish (data augmentation) texnikalari qo‘llandi. Model natijalari aniqlik (accuracy) va yo‘qotish funksiyasi (loss) kabi mezonlar asosida baholandi.