KASR TARTIBLI NOANIQ MANTIQQA ASOSLANGAN PID ROSTLAGICHNI STM32 MIKROKONTROLLERIDA ISHLAB CHIQISH TAHLILI
Abstrakt
Ushbu maqolada texnik jihatdan murakkab bo‘lgan, ayniqsa, ko‘plab
fizik parametrlar rostlanishi kerak bo‘lgan texnologik jarayonlar uchun noaniq
mantiqqa asoslangan intellektual rostlagichlarni loyihalashtirish bosqichlari
bayon etilgan. Bunday turdagi rostlagichlar texnologik jarayonlarni boshqarish
sohasida, xususan, optimal qiymatlarni topish, tashqi ta’sirlar va parametrik
noaniqliklar mavjud sharoitda PID rostlagichlarga nisbatan yuqori sifat
ko‘rsatkichlarini ta’minlash asosiy maqsad qilib olingan. Mavjud muammoni hal
qilish uchun noaniq mantiq va kasr tartibli hisoblashni o‘zida mujassamlashtirgan
rostlagich taklif etilgan. Bu turdagi rostlagichlarni amaliyotga joriy etish uchun
STM32 mikrokontrollerlari, xususan, STM32FG407VET6 modeli tanlangan
hamda rostlagich dasturiy ta’minoti C++ STM32CubeIDE muhiti dasturlash tilida
ishlab chiqilgan. Maqolada taklif etilgan rostlagichni evolyutsion yaratishning
nazariy jihatlari chuqur bayon etilgan bo‘lib, boshqaruv algoritmining yaratilish
bosqichlari yoki ketma-ketligi batafsil keltirilgan. Amaliy jihatdan tashkil
etilgan tajribalar natijasi shuni ko‘rsatadiki, rostlagich nochiziqlilik va noaniqlik
xususiyatlari mavjud bo‘lgan murakkab texnik boshqaruv tizimlarini nazorat
qilishda yuqori darajada samaradorlikka ega. Eksperimental tajribalar MATLAB
va STM32 muhitida amalga oshirilib, grafiklar va simulyatsiya diagrammalari
orqali natijalar olingan. Taqdim etilgan nazariy asoslar, uslubiy ko‘rsatmalar
intellektual boshqaruv tizimlari muhandislari va avtomatlashtirish sohasining
yetuk mutaxassislari uchun qimmatli manba bo‘lib xizmat qilishi mumkin.