JUN YUVISH MASHINASIDA JUN HARAKATINING NAZARIY TADQIQI
Abstrakt
Maqolada junni dastlabki ishlov berish bosqichidagi yuvish
jarayoni yoritilgan. Jun xomashyosini yuvish jarayoni yuvilmagan junni
qozondagi eritmaga solish, qozon bo‘ylab harakatlantirish, qozondan chiqarish
va siquvchi valiklardan o‘tkazishdan iborat. Tadqiqotning predmeti sifatida jun
yuvish mashinasining kinematik va dinamik ko‘rsatkichlari, ishchi qismlarining
konstruktiv elementlari, shuningdek, mashinaning ekspluatatsion ko‘rsatkichlari
olingan. Jun yuvish mashinasida jun harakatining nazariy tadqiqi amalga
oshirilgan. Nazariy tadqiqotlar natijasida yuvish mashinasining geometrik
va kinematik ko‘rsatkichlari asosida qozonda jun oqimining harakatlanish
qonuniyatlari va jun yuvish mashinasining ratsional ko‘rsatkichlari aniqlangan.
Harakatlanuvchi panshaxalar uzunligi va chiziqli tezligi qiymatlari olingan.
Junning qozon tubida to‘planmasdan, yuvish eritmalari bilan to‘liq aralashishi
natijasida yuqori yuvish samaradorligiga erishildi. Junning uzluksiz uzatilishini
ta’minlash uchun panshaxa uzunligi va chiziqli tezligi orasidagi bog‘liqlik
“Maple” dasturi yordamida grafik ko‘rinishda tahlil qilingan. Tavsiya etilgan
yangi konstruksiyali mashinada yuvilgan junda iflos aralashmalar va yog‘
miqdori amaldagi yuvish mashinasida yuvilgan junga nisbatan kamayishi tadqiq
qilingan.