B TURDAGI O‘LCHASHLARNING STANDART NOANIQLIGINI BAHOLASHDA APRIOR MA’LUMOTLARNING TAQSIMOT TURINI TANLASH VA ANIQLASH UCHUN GIBRID USUL ISHLAB CHIQISH
Abstrakt
Maqolada dolzarb metrologik muammolardan biri – fizik-kimyoviy
kattaliklarni o‘lchash noaniqligi konsepsiyasining ilmiy-nazariy asoslari va amaliy
jihatlari tadqiq etilgan. Metrologik ta’minotning muhim vazifasi bo‘lgan B turdagi
o‘lchashlarning standart noaniqligini baholashda aprior ma’lumotlarni taqsimlash
turini tanlash va aniqlashning gibrid usuli ishlab chiqilgan. Tadqiqotning
dolzarbligi cheklangan aprior ma’lumotlar sharoitida noaniqlikni baholashning
ishonchliligini oshirish zarurati bilan bog‘liq, chunki mavjud yondashuvlar
ko‘pincha noto‘g‘ri natijalarga olib kelishi mumkin bo‘lgan subyektiv ekspert
mulohazalariga asoslanadi. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
B tipidagi o‘lchashlarning standart noaniqligini baholashda axborot fondining
taqsimlanish turini tanlash uchun gibrid usul va matematik modellar ishlab
chiqilgan; taklif etilgan usul maksimal entropiya prinsipi va Bayes nazariyasining
kombinatsiyasiga asoslangan. Тadqiqot metodologiyasi mavjud yondashuvlarni
tahlil qilish, taqsimotni tanlashning metrologik mezonlarini rasmiylashtirish
va qaror qabul qilish algoritmini ishlab chiqishni o‘z ichiga oladi. Usulning
adekvatligi va samaradorligi “O‘zbekiston milliy metrologiya instituti” davlat
muassasasining fizik-kimyoviy kattaliklar ilmiy laboratoriyasida, shuningdek, ISO/
IEC 17025:2017 xalqaro standartiga muvofiq, akkreditatsiyadan o‘tgan o‘lchash
(sinov) laboratoriyalarida sinovdan o‘tkazilgan. Olingan natijalar o‘lchashlar
noaniqligini baholash aniqligini oshirish, shuningdek, metrologik nazorat tartib-
taomillarini takomillashtirish uchun metrologiya, standartlashtirish va sinovlar
sohasida qo‘llanishi mumkin. Tadqiqot natijalari ISO/IEC 17025:2017 xalqaro
standarti bo‘yicha faoliyat yurituvchi akkreditatsiyadan o‘tgan metrologik va
sinov laboratoriyalarida, ISO 17043:2023 standarti asosida faoliyat yurituvchi
laboratoriyalararo taqqoslash provayderlarida, shuningdek, Xalqaro o‘lchov va
tarozilar byurosi (BIPM) tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan KCDB ma’lumotlar
bazasida taqdim etilgan kalibrlash va o‘lchash imkoniyatlari (CMC) bo‘yicha
davlatlararo va xalqaro darajadagi sinov taqqoslashlari doirasida talab qilinadi.
Ishlab chiqilgan usul o‘lchashlar noaniqligini baholash bilan shug‘ullanuvchi
ilmiy markazlar va laboratoriyalar, shuningdek, metrologiya va sinovlar sohasida
faoliyat yurituvchi boshqa tashkilotlarda ham qo‘llanishi mumkin. Uning joriy
etilishi noaniqlikni baholashning obyektivligini oshirish, o‘lchash natijalarining
kengaytirilgan noaniqligi ishonchliligini yaxshilash va B turdagi o‘lchashlarning
standart noaniqligi bilan bog‘liq xatarlarni kamaytirishga yordam beradi.
Kalit so‘zlar: o‘lchash noaniqligi, B turdagi o‘lchash noaniqligini baholash, axborot
fondi, aprior axborot, ehtimollik taqsimoti turi, ehtimollik taqsimoti zichligi, Bayes
usuli, gibrid usul mezonlari, o‘lchash vositalari, ishonchlilik.