HISOBLASH SUYUQLIKLARI DINAMIKAS I (CFD) YORDAMIDA GELIOQURITGICHLARNI MODELLASHTIRISH
Abstrakt
Ushbu ilmiy maqolada hisoblash suyuqliklari dinamikasi (CFD) usuli 
asosida gelioquritgichlarda issiqlik va havo oqimi jarayonlari modellashtirildi 
hamda dorivor o‘simlik – katta bargizub (Plantago major) barglarini samarali 
va sifatli quritish imkoniyatlari o‘rganildi. Tadqiqotning asosiy maqsadi 
gelioquritgichlar konstruksiyasini optimallashtirish, quritish tezligini oshirish 
va mahsulot sifatini saqlab qolish uchun CFD texnologiyalari imkoniyatlarini 
baholashdan iborat. ANSYS Fluent dasturi yordamida quritgich ichidagi 
issiqlik taqsimoti, havo oqimi tezligi va harorat gradientlari modellashtirildi. 
Simulyatsiya shartlariga ko‘ra, quyosh energiyasi asosida isitiladigan havo harorati 
55–65 °C oralig‘ida saqlanib, mahsulot ustiga yo‘naltirildi. Quritilayotgan bargizub 
barglarining boshlang‘ich namligi 82 %ni tashkil etdi va 3,5–4,5 soatlik quritish 
davomida bu ko‘rsatkich 10–12 %gacha kamaydi. CFD modellashtirish natijalari 
quyidagi ustunliklarni ko‘rsatdi: havo oqimi quritgich ichida bir xilda taqsimlanib, 
barcha barglar teng issiqlik ta’siriga uchradi; issiqlik energiyasining samarali 
ishlatilishi natijasida quritish muddati qisqardi; quritilgan mahsulotda biologik 
faol birikmalar (flavonoidlar, vitaminlar) saqlanishi ta’minlandi; quritgichning 
ichki geometriyasi, havo kirish va chiqish yo‘llari CFD asosida tahlil qilinib, 
loyihaning takomillashuvi uchun tavsiyalar ishlab chiqildi. Simulyatsiya natijalari 
eksperimental kuzatuvlar bilan solishtirildi va yuqori darajadagi moslik qayd etildi. 
CFD texnologiyasi yordamida ishlab chiqilgan model orqali gelioquritkichlarning 
samaradorligi oshirildi, quritish sifati yaxshilandi va issiqlik yo‘qotishlari 
minimallashtirildi. Mazkur tadqiqot hisoblash suyuqliklari dinamikasi asosidagi 
yondashuvning dorivor o‘simliklar uchun mo‘ljallangan gelioquritgichlarni 
ilmiy loyihalash va amaliyotga joriy etishdagi yuqori salohiyatga ega ekanligini 
ko‘rsatadi.