RESPUBLIKA MAXSUS 2-SONLI ZANGIOTA ShIFOXONASIDA 2021 YIL IYuNЬ OYIDA KORONAVIRUS BILAN KASALLANGAN BEMORLAR TAHLILI
Abstrakt
Koronavirus kasalligining patogenezi oxirigacha o‘rganilmagani, virus shtammining tez-tez o‘zgarishi, unga qarab kasallik klinikasining turli-tumanligi, haligacha yagona davolash taktikasi yo‘qligi pandemiyaning hozirgacha davom etishiga sabab bo‘lmoqda. Mazkur maqolada iyun oyida Respublika maxsus 2-sonli Zangiota shifoxonasida COVID-19 bilan kasallangan bemorlarni prospektiv usulda o‘rganib chiqish asosida olingan ma'lumotlar keltirilgan. Olib borilgan tadqiqotning asosiy maqsadi bir oy davomida COVID-19 bilan kasallangan bemorlarni klinik tahlil qilishdir. Bunda barcha bemorlar kasallik tarixi (yoshi, jinsi, yondosh kasalliklari, shifoxonada bo‘lgan kunlari, o‘tkazilgan tekshiruv natijalari, tahlillari, davo muolajalari) o‘rganib chiqildi. Tadqiqot natijasida iyun oyida shifoxonada, asosan, erkaklar, yoshlar va o‘rta yoshlilar davolangani, yondosh kasalliklarning uchrashi bo‘yicha tahlil qilinganda esa o‘rta yoshlilarda qandli diabet, yurak ishemik kasalliklari, keksalarda gipertonik kasalliklar, yoshlarda esa bronxit ko‘p uchragani ma'lum bo‘ldi. Hazm tizimi kasalliklari alohida tahlil qilinganida, ayollarda pankreatit va xoletsistit, erkaklarda esa biroz farq bilan gastrit ko‘p uchrashi ma'lum bo‘ldi. Jigar fermentlarining o‘zgarishi oqibatida shifoxonada davolanish davrida AST va ALT oshgani aniqlandi. Kuzatuvlardan shu narsa ma'lum bo‘ldiki, iyun oyida kasallanganlarning eng ko‘p qismini erkaklar, yoshlar va o‘rta yoshlilar tashkil etgan. Yondosh kasalliklar ko‘proq yoshlarda kuzatilgan, bu kasalliklarning yosharganligidan dalolat beradi. Jigar fermentlarining oshishi koronavirusni davolashda qo‘llanilgan dorilar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.