SHOLI KOLLEKTSIYASI NAV VA NAMUNALARINING PAST HARORATDA UNIB CHIQISH KO‘RSATKICHINI BAHOLASH
Abstrakt
Maqolada Sholichilik ilmiy tadqiqot instituti tasarrufidagi sholi kollektsiyasi nav va namunalari urug‘larining past harorat (15° S)da unib chiqish ko‘rsatkichlari tahlil qilingan. Natijalarga ko‘ra, nazorat sifatida olingan mahalliy Iskandar sholi navi boshqa nazorat va kollektsiya nav va namunalariga nisbatan past haroratda kuchli unib chiqish ko‘rsatkichini namoyish etdi. Ushbu nazorat navida 3-inkubatsiya kuni (3-IK)da unib chiqish ko‘rsatkichi o‘rtacha 17% bo‘lgan bo‘lsa, 6-IK ga kelib bu ko‘rsatkich 92% ni tashkil etdi. 6-IK da Mustaqillik, Lazurniy va Tarona navlarida unib chiqish ko‘rsatkichi mos ravishda 67%, 48% va 30% bo‘lganligi aniqlanib, 8 IK ga kelib 60-90% oralig‘ida bo‘lganligi kuzatildi. Jami 230 dona kollektsiya nav va namunalari ichida 90% dan ortiq unib chiqish ko‘rsatkichiga ega navlar 7-inkubatsiya kunida 57 ta bo‘lsa, 8-kunga kelib 93 tani tashkil etdi.