KORXONALARNI QAYTA TASHKIL ETISHNI AMALGA OSHIRISH SHAROITIDA BUXGALTERIYA HISOBINI YURITISH VA MOLIYAVIY HISOBOTNI SHAKLLANTIRISHNING ASOSIY QOIDALARI
Abstrakt
Korxonalar har qanday kishilik jamiyati iqtisodiyotining asosiy bo‘g‘ini, mos ravishda, boshqaruv vositasi bo‘lgan buxgalteriya hisobining muhim sub'ektlari hisoblanadi. Korxonalar orqali moddiy va nomoddiy ne'matlar yaratiladi, turli ishlar bajariladi, xizmatlar ko‘rsatiladi hamda ular iste'molchilarga yetkazib beriladi. Korxonalar sonini ko‘paytirish, ularni birlashtirish, yiriklashtirish, hamkorlikdagi faoliyat turlarini rivojlantirish, mamlakat yalpi ichki mahsuloti hajmini oshirish, aholini ish bilan ta'minlash va daromadini oshirish odamlar hayot darajasi va farovonligini yuksaltirishning muhim omillaridan biridir. Ushbu maqolada korxonalarni qayta tashkil etishni amalga oshirish sharoitida buxgalteriya hisobini yuritish va moliyaviy hisobotni shakllantirishning asosiy qoidalari respublikamizda amalda bo‘lgan qonunlar va qonunosti hujjatlari, chunonchi, milliy standartlar asosida ochib berilgan. Pespublikamiz iqtisodiyotining bosh bo‘g‘ini, mos ravishda, buxgalteriya hisobining asosiy sub'ektlari bo‘lgan korxonalarni qayta tashkil qilish shakllarining mohiyati, xususiyatlari va ularni amalga oshirish tartiblari tahlil qilingan. Shuningdek, maqolada korxonalarni qayta tashkil etish sharoitida buxgalteriya hisobini yuritish va moliyaviy hisobotni shakllantirishga qo‘yiladigan umumiy talablar ko‘rsatib o‘tilgan.