MADANIY O‘SIMLIKLAR VA ULARNING YOVVOYI AJDODLARI JAHON KOLLEKTSIYALARINI SAQLASH VA UNDAN FOYDALANISH
Abstrakt
O‘simliklar genetik resurslari ilmiy-tadqiqot instituti madaniy o‘simliklar va ularning yovvoyi ajdodlarining dunyo miqyosidagi genetik resurslari milliy markazi bo‘lib, ular milliy maqomga ega bo‘lgan kollektsiyalar shaklida saqlangan. Ular urug‘lar, vegetativ, reproduktiv organlar va o‘simliklarning qismlari, gerbariy namunalari hamda ko‘p yillik ekinlarning plantatsiyalari ko‘rinishida tashkil etilgan. Bu yerda 100 xil ekin turlarining 43 mingdan ortiq namunadagi kollektsiyalari saqlanmoqda va ular botanik, genetik, geografik va ekologik xilma-xilligi bo‘yicha Markaziy Osiyoda eng yirik hisoblanadi. Madaniy o‘simliklar bilan evolyutsion va genetik aloqada bo‘lgan madaniy o‘simliklar va ularning yovvoyi ajdodlari genetik resurslari, ayniqsa, so‘nggi o‘n yillikda oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish uchun iqlim o‘zgarishi, ekologik xavfsiz qishloq xo‘jaligini barqaror rivojlantirish, sanoat uchun xomashyo yaratish sharoitlarida haqiqiy yoki potentsial qiymati va katta ahamiyatga ega bo‘lgan biologik resurslarning bir qismidir. Institutda olib borilayotgan ishlar o‘simliklarning genetik resurslarini yig‘ish, saqlash, o‘rganish hamda ulardan oqilona va samarali foydalanish muammolarini hal qilishga yo‘naltirilgan bo‘lib, ular davlatga tegishli, strategik ahamiyatga ega bo‘lib, hozirgi va kelajak avlodlar uchun milliy va global oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash bilan bevosita bog‘liqdir.