ANACANTHOTERMES JACOBSON, 1904 AVLODI TERMITLARINING OZUQANI HAZM QILISH FIZIOLOGIYASI VA BIOKIMYOSI
Abstrakt
Ushbu maqolada Anacanthotermes avlodi termitlarining ovqat hazm qilish fiziologiyasi va biokimyosi bo‘yicha olingan tadqiqot natijalari keltirilgan. Bunda termitlarning so‘lak va ichak bezlaridagi fermentlar faolligi muhim ahamiyat kasb etadi. Ko‘rilayotgan hasharotlarning ovqat hazm qilishida qatnashuvchi fermentlar faqat gidrolitik tipga kirishi va ularning faolligi to‘g‘risidagi ma'lumotlar keltirilgan. Ekzotsellyulaza fermenti faolligi katta yoshdagi termitlarda kichik yoshdagilarga nisbatan 1,5 marta, nimfaga nisbatan 3,0 marta yuqori ekanligi aniqlangan bo‘lsa, navkarlarda ekzotsellyulaza fermenti faolligi kuzatilmagan. Shuningdek, karboksimetiltsellyulaza, sellobiaza faolligi hech bir tabaqada aniqlanmagan. Maltaza, saxaraza, laktaza faolligi termitlarning barcha tabaqalarida deyarli bir xilligi aniqlangan. Birinchi marta Anacanthotermes avlodi turli tabaqa termitlarining so‘lak bezlaridagi laktaza faolligi aniqlangan.