TERMOTSIKLIK ISHLOV BERISH USULI ASOSIDA 65G PO‘LATLARNING MUSTAHKAMLIGI VA YEYILISHGA CHIDAMLILIGINI OSHIRISH
Abstrakt
Ilmiy maqolada termotsiklik ishlovdan so‘ng po‘latlarning mustahkamligi va yeyilishga chidamliligini oshirish xususiyatlarini aniqlaydigan eksperimental tadqiqot natijalari keltirilgan. Termotsiklik ishlov berish jarayoni strukturani boshqarish usuli bo‘lib, qisqa vaqt ichida bir necha marta tezlanma hamda tez qizitish va sovitishdan iborat. Termotsiklik ishlov berish termik ishlov berish usuliga o‘xshash bo‘lib, bunda metallar tuzilishidagi ijobiy o‘zgarishlarning sikldan siklga doimiy to‘planishiga asoslangan. Bu jarayon asosi sikllarning intensivligi, ushlab turish vaqti hamda optimal harorat o‘zgarish diapazonidir. Ushbu maqolada olib borilgan tadqiqotlar asosida, ma'lum bir haroratda qizdirish orqali, belgilangan termik ishlov berish sikllari soni, qizdirish tezligini po‘latlarning fizik-mexanik xususiyatlariga va diffuziya jarayoni intensivlashishiga ta'siri kuzatildi. Qizdirish jarayonida faza va tarkibiy o‘zgarishlarning intensivligi tufayli, mashina qismlari mustahkamligini oshirishga ta'sir qilish qonunlari aniqlandi hamda termotsiklik ishlov berish muddatini qisqartirishga erishildi. Bu esa mashina qismlarining ishonchliligini yaxshilashga imkon beradi. Nazariy va eksperimental tadqiqotlarga asoslanib, mayda donali strukturalar po‘latlarning yeyilishga chidamliligini oshirishga yordam berishi aniqlandi. Po‘latlarga termotsiklik ishlov berish qo‘llanganda, hosil bo‘lgan yangi tuzilishdagi mayda donali hamda mexanik xususiyatlari yaxshilangan va yuqori chidamlilikka ega po‘lat tavsiflari olindi, mustahkamligi 1,5 martaga, yeyilishga chidamliligi esa 1,9 baravar oshdi.