GAZLAMALARNING SHAKL HOSIL QILISH XUSUSIYATLARI
Abstrakt
Ushbu maqolada gazlamaning shakl hosil qilish va shakl ushlash xususiyatlari gazlamalar yuza zichliklari va g‘ovakliklariga bog‘liqligi o‘rganib chiqildi. Materiallarning shakl hosil qilish darajasi ko‘rsatkichlarini tadqiq qilish orqali, gazlamalar va trikotaj matolari uchun g‘ovaklilik darajasini hisoblash formulasi asoslab berildi. Ma'lumki, gazlamalar ishlab chiqarish jarayonida turli kuchlar ta'sirida bir qator o‘zgarishlarga duch keladi. Bu o‘zgarishlar to‘quv yoki boshqa ishlov berish dastgohlaridan gazlama olinib, undan mahsulot tikilgandan so‘ng hamda mahsulotlarning iste'mol davrida qisman bartaraf etiladi. Shuningdek, kiyim badanga kiyib yurilgan vaqtda unga davriy ravishda almashib turuvchi kuchlar ta'siridagi tortilishlar va kuchdan xoli bo‘lgan davrlar tikilgan mahsulot strukturasiga ta'sir etib boradi. Buning natijasida mahsulot alohida qismlarining shakl o‘zgarishi yuz berishi mumkin. Bu, albatta, mahsulot tashqi ko‘rinishiga salbiy ta'sir ko‘rsatadi. Mahsulot tashqi ko‘rinishining o‘zgarishi gazlamaning xomashyo tarkibi, o‘rilishi turi, to‘qima tuzilish fazasi, iplar o‘rtasidagi ishqalanish va chirmashish kuchlari, yakuniy natijada esa mahsulotning shakl saqlash xususiyatiga bog‘liq. Jun-ipak gazlamada shakl o‘zgarishdagi kuchlanish holati tadqiq etilib, egiluvchan qismda shakl o‘zgarish ko‘rsatkichi chegarasi 64-70% ekanligi nazariy asoslandi va tajribada tasdiqlandi.