TOLASIMON MASSANING KOLOSNIKLI PANJARA BILAN O‘ZARO TA'SIRINI MODELLASHTIRISH VA UNDAN IFLOS ARALASHMALARNI AJRATIB OLISH
Abstrakt
Respublikada yildan-yilga «S-6524», «Sulton», «An-Boyavut-2», «Namangan-77», «Omad» va boshqa qiyin tozalanuvchan selektsion navli paxtalarning tayyorlanish va mashina yordamida terib olish hajmi ortib bormoqda. 2018 yilda ularning hajmi umumiy tayyorlangan paxta hajmining 80% ni tashkil etdi. Mashina yordamida terilgan paxtaning ifloslik darajasi qo‘l bilan terilgan paxtaning ifloslik darajasiga qaraganda 10-15% ga yuqori bo‘ladi. Chigit qobiqli tola, ezilgan chigit va chigalli tola jinlash jarayonida yuzaga keladi va tola tarkibidan ularni faqat paxtani jinlashda ajratish mumkin. Tola sifatini oshirish maqsadida 80 yilning o‘rtalarida jinning o‘zida tolani tozalash uchun jinga alohida ikki donadan kolosniklar o‘rnatiladi. Lekin alohida kolosniklarni jin yondoriga mahkamlanish konstruktsiyasidagi kamchiliklari oqibatida arra tishlari bilan kolosniklar tig‘i oralig‘ining talab etilgan kattalikda o‘rnatish imkoniyatining yo‘qligi tola tarkibidan ulyuk va iflos aralashmalarning ajralishini kamaytirdi, chiqindining toladorligini ko‘paytirdi. AQSh, Xitoy, Hindiston va boshqa paxtachilik sohasi rivojlangan davlatlardagi jinlar konstruktsiyasida tolani tozalash sektsiyasi qo‘llanilmaydi. Ushbu davlatlarda tola aerodinamik va kondensor tipdagi tola tozalagichlarda tozalanadi. Bunda tola tarash usulida chuqur tozalanganligi uchun chiqindining toladorligi ortadi va, o‘z navbatida, navlar bo‘yicha ishlab chiqarilayotgan tola miqdori kamayadi. Tola sifati va jahon bozoridagi raqobatbardoshligini oshirish va chiqindiga ajralayotgan tola miqdorini kamaytirish bugungi kunning dolzarb vazifasidir. Buni amalga oshirishda tolani tozalash uchun yangi konstruktsiyali kolosnikli panjaraga ega bo‘lgan takomillashtirilgan arrali jin yaratildi. Kolosnikli panjara bilan tolali materialning o‘zaro ta'sirida tolali material massasining o‘zgarishi nazariy tomondan o‘rganildi.