IPAKCHILIK SANOATIDA XOM IPAK ISHLAB CHIQARISH HAJMINI OSHIRISHNING AYRIM YO‘LLARI
Abstrakt
Ushbu maqolada ipakchilik sanoatida xom ipak ishlab chiqarish hajmini oshirish bo‘yicha tadqiqot natijalari keltirilgan. Pilla tayyorlash hajmini oshirish, ipakchilik sanoatida xom ipak ishlab chiqarish va mahsulot sifatini yaxshilash bugungi kundagi dolzarb masalalardan biridir. Ishning maqsadi – tut bargi hosildorligi oshishini ta'minlaydigan tutzorlarning yangi tuzilishlarini yaratish va shu orqali ipakchilik sanoatida xom ipak ishlab chiqarish hajmini oshirish hisoblanadi. Yangi tuzilishdagi past bo‘yli shaxmat uslubidagi 1 pog‘onali 2 kallikli tutzorlar, qo‘sh qatorli va qo‘sh qatorlari birlashtirilgan tutzorlar barpo etish tartiblari yaratildi. Tutzordan olingan barg hosildorligi gektariga 582,8 sentner, bundan olinadigan pilla 3,5 t, xom ipak 570,9 kg ni tashkil qildi. Birlashtirilgan uch va to‘rt qo‘sh qatorli tutzorlardan olingan barg hosildorligi gektariga 419,6-512,9 s, bundan olinadigan pilla 2,5-3,1 t, xom ipak 411,0-502,4 kg ni tashkil qildi. Yer maydoni katta bo‘lmaganda, shaxmat uslubidagi 1 pog‘onali 2 kallikli tutzorlar, yer maydoni kata bo‘lganda birlashtirilgan uch va to‘rt qo‘sh qatorli tutzorlar, yer maydonidan qo‘shimcha boshqa o‘simlik mahsulotlari olishda qo‘sh qatorli tutzorlar tavsiya etiladi.