OQOVA SUVLARNI TOZALASH JARAYONINI INTELLEKTUAL BOSHQARISH TIZIMI VA DASTURIY TA’MINOTINI ISHLAB CHIQISH
Abstrakt
Hozirgi kunda suv tanqisligi dunyo bo‘ylab dolzarb muammolardan biri sanaladi. Sanoat oqova suvlarini qayta ishlashda resurs samarador texnologiyalarni qo‘llash muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ushbu tadqiqotda sanoat oqova suvlarini tozalash jarayonini intellektual boshqarish masalasi o‘rganilgan. Dastlab ion-almashinish smolalari yordamida oqova suvlarni tozalash qurilmasi ishlab chiqildi va Qo‘ng‘irot soda zavodidan olingan sanoat oqova suvlari aralashmasi orqali sinovdan o‘tkazildi. Olingan natijalar asosida suvning qattiqligi (H) va umumiy erigan minerallar miqdori (TDS)ni oqova suvning sarfi orqali avtomatik boshqarish tizimi ishlab chiqildi. Boshqarish tizimi sifatida Adaptiv Neyro-Noqat’iy Mantiqiy Xulosa Tizimi (ANFIS) qo‘llandi. Natijalar shuni ko‘rsatdiki, ANFIS asosida boshqarilgan tizim an’anaviy PID va noqat’iy mantiqiy boshqaruv usullariga nisbatan rostlash vaqtini 25–30 %ga qisqartirish va statik xatoliklarni 12 %ga kamaytirish imkonini beradi. Bu orqali suv sarfini rostlovchi servo klapan uchun sarflanadigan energiya 1,3 %gacha kamaytirildi. Bundan tashqari, jarayonni real vaqt rejimida monitoring qilish va avtomatik boshqarishni amalga oshirish maqsadida MasterSCADA 4D platformasi asosida dasturiy ta’minot ishlab chiqildi. Ushbu tizim orqali suv sifati parametrlarini (H va TDS) uzluksiz kuzatish va optimallashtirish imkoniyati yaratildi. Kalit so‘zlar: oqova suvlarni tozalash, ion-almashinish smolalari, boshqarish tizimi, ANFIS, Matlab modeli, dasturiy ta’minot.