QISHLOQ XO‘JALIGI KORXONALARINING IQTISODIY SALOHIYATINI OSHIRISHDA KLASTERLAR O‘RNI
Abstrakt
Hozirgi kunda O‘zbekiston uchun mamlakat va uning mintaqalari iqtisodiyotini rivojlanishning innovatsion yo‘liga o‘tkazish masalasi dolzarb bo‘lib turibdi. Mintaqaviy darajada innovatsion iqtisodiyotni yaratishda muhim jihat – bu uning rivojlanishining klaster modelini shakllantirish. Agrar iqtisodiyotning globallashuvi O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarish samaradorligining yangi yo‘nalishlarini izlashni taqozo etadi. Ko‘plab rivojlangan mamlakatlar iqtisodiyotida klasterlarning shakllanishi xo‘jalik sub'ektlari o‘rtasida paydo bo‘ladigan munosabatlar asosida evolyutsion tarzda amalga oshirildi. Shunday yo‘nalishlardan biri bu meva-sabzavot klasterlarini shakllantirishdir. Klasterli yondashuv asosida yangi bilimlarni o‘zlashtirish asnosida innovatsion texnologiyalar uchun investitsiyalarni jalb qilishga asoslangan iqtisodiy o‘sishning yangi nazariyasi yotadi. Meva-sabzavot klasterlari innovatsion texnologiyalarni qo‘llash, modernizatsiya qilish, o‘simliklarning hosildorligi va hayvonlarning mahsuldorligini oshirish orqali qishloq xo‘jaligi samaradorligi va raqobatbardoshligini oshirishi hamda qishloq xo‘jalik mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarining bozorlarga kirishini ta'minlashi mumkin. Maqolada jarayon ishtirokchilarining hududiy yaqinligi, ularning o‘zaro munosabatlari, innovatsion yondashuv kabi klasterning umumiy xarakterlari orqali klasterlarning iqtisodiy tasniflari keltirilgan. Shuningdek, maqolada O‘zbekistonda meva-sabzavot klasterlarini shakllantirish va faoliyat yuritish holatlarining iqtisodiy ko‘rsatkichlari ko‘rib chiqilgan. Hududlarda faoliyat ko‘rsatayotgan meva-sabzavot klasterlarining yer maydoni, ishlab chiqarish, qayta ishlash, saqlash va sotish ko‘rsatkichlari tahlil qilindi. Hududlarda meva-sabzavot klasterlarini shakllantirish yo‘nalishlari bo‘yicha yer maydoni va ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari o‘rganildi. O‘tkazilgan tadqiqotlar asosida xulosalar va tavsiyalar ishlab chiqildi.