CHERRI POMIDOR YETISHTIRISHNING O‘ZIGA XOS XUSUSIYATLARI
Abstrakt
Respublikamiz issiqxonalarida cherri pomidorning mahalliy iqlim sharoitiga mos kasalliklarga chidamli, yuqori hosilli va sifatli mahsulotga ega bo‘lgan navlarini tanlash, maqbul ekish muddatlari va usullarini o‘rganish hamda mahsulot eksportini kuchaytirish dolzarbdir. Keyingi paytlarda respublikamizda cherri pomidor – iste'molchilar orasida o‘zining yuqori sifatga ega ekanligi, vitaminlarga boyligi, yaxshi saqlanuvchan va uzoq masofalarga tashishga yaroqliligi hamda har xil mahsulotlarni tayyorlashda qandolatchilik sohasida ham tez-tez ishlatilishi bilan tanildi. Ammo bu turdagi pomidor nav namunalari assortimenti kamligi, urug‘lari va mahsulotning narxi qimmatligi bilan farqlanadi. Shuning uchun sifatli va arzon cherri pomidorni yetishtirishda yuqori hosilli kasalliklarga chidamli navlarini aniqlash, mahalliy nav namunalarini yaratish hamda birlamchi urug‘chiligini yo‘lga qo‘yish muammosi mavjud. Cherri pomidorni yetishtirish texnologiyasi, yuqori hosilli, kasalliklarga chidamli, mahalliy iste'molchilar talabini qondira oladigan va eksportbop nav namunalarini o‘rganish dolzarb masaladir. Tadqiqot ishlari 2019–2020 yillar davomida Toshkent davlat agrar universiteti “Sabzavotchilik, polizchilik va kartoshkachilik” kafedrasi, Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanidagi “Yo‘ldosh qizi Umida” nomli biolaboratoriyaga qarashli issiqxonada olib borildi. Bunda cherri pomidorning 11 ta nav namunasi qimmatli xo‘jalik belgilari bo‘yicha va turli xil ekish muddatlari va sxemalarida ekib o‘rganildi. Tadqiqotlarda fenologik kuzatuvlar, biometrik o‘lchovlar, kasalliklarga chidamliligini aniqlash, hosil miqdori va tovarboplik sifati bo‘yicha kuzatuv va hisoblash ishlari umumqabul qilingan talablarga mos ravishda o‘tkazildi.